Перейти к содержимому
⚠️ Этот веб-сайт в настоящее время работает в тестовом режиме. Некоторые функции могут быть недоступны или работать не так, как ожидалось. ⚠️ Этот веб-сайт в настоящее время работает в тестовом режиме. Некоторые функции могут быть недоступны или работать не так, как ожидалось. ⚠️ Этот веб-сайт в настоящее время работает в тестовом режиме. Некоторые функции могут быть недоступны или работать не так, как ожидалось.
Rasmiy hujjat · BIU Kengashi 2026

Akademik Axloq (Halollik) Kodeksi

ASMAN UNIVERSITY — BIU Kengashining № 4 qarori asosida 2026-yil 29-yanvarda tasdiqlangan

PDF yuklash

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY TA'LIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRLIGI

ASMAN UNIVERSITY

AKADEMIK AXLOQ (HALOLLIK) KODEKSI

"TASDIQLANGAN"

BIU Kengashining № 4 qarori

2026-yil 29-yanvar · Buxoro

Mundarija

KIRISH

Akademik axloq kodeksi akademik halollik va axloq etikasini belgilab beradigan qoidadir. Akademik axloq kodeksi akademik halollik va axloq etikasi bo'yicha xalqaro tan olingan standartlarni e'tirof etadi. Universitet mazkur standartlarni joriy qilish maqsadida o'z faoliyatida akademik halollik va axloq etikasi qoidalariga qat'iy rioya qilishni yetuk kadrlar tayyorlash hamda ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor vazifasi etib belgilaydi.

ASMAN UNIVERSITY Akademik axloq kodeksi (keyingi o'rinlarda – Kodeks) bilan belgilab berilayotgan qoidalarga rioya qilish uchun asosiy mas'uliyat har bir talaba, professor-o'qituvchi va xodim zimmasiga yuklatiladi. Bunda, universitetning har bir a'zosi boshqalarning huquqlarini hurmat qilish, vakolati doirasidan tashqari ishlarga aralashmaslik, korrupsiya hamda ta'magirlikka yo'l qo'ymaslik va boshqa axloqiy me'yorlarni buzmaslikni namoyon etishlari zarur.

Mazkur Kodeks va uning asosiy qoidalari universitetning o'quv, ilmiy, ma'naviy-ma'rifiy hamda antikorrupsion faoliyatida akademik halollik hamda axloq etikasining umumqabul qilingan standartlarini joriy qilishga qaratilgan bo'lib, ushbu sohadagi uchta muhim vazifani amalga oshirishni belgilaydi:

1)Axloqiy qoidalarni o'rnatish hamda nomaqbul xatti-harakatlarning oldini olish;
2)Universitet talabalari va xodimlarida plagiat (ko'chirmachilik)ga murosasiz munosabatda bo'lish kayfiyatini shakllantirish hamda akademik halollikni keng targ'ib qilish;
3)Akademik axloq borasida talabalar va xodimlar uchun mos bo'lgan axloqiy xususiyatlarni shakllantirish.

Ushbu Kodeks talablari universitet obro'si hamda nomiga putur yetkazmaslik, o'quv, ilmiy, ma'naviy-ma'rifiy hamda antikorrupsion faoliyatning barcha ishtirokchilarida axloqiy fazilatlarni oshirish, o'zaro hurmat bilan munosabatda bo'lish kayfiyatini shakllantirish maqsadini ko'zlaydi.

Mazkur Kodeks 2025/2026 o'quv yilidan boshlab amal qiladi.

I.Umumiy qoidalar va asosiy tushunchalar

1. ASMAN UNIVERSITY Akademik axloq kodeksi universitet jamoasi faoliyatida kuzatilishi kerak bo'lgan qadriyatlar va axloqiy tamoyillarni belgilaydi va tartibga soladi.

2. Kodeksning asosiy vazifasi akademik halollik va axloq etikasi qoidalarini belgilash, ularni amalga oshirish va nazorat qilishni ta'minlash, shuningdek talabalar, tadqiqotchilar, pedagog xodimlar, ishchi xodimlar doirasida akademik halollik, ta'lim va mehnat faoliyatidagi axloq etikasi tamoyillarini belgilashdan iborat.

3. Asosiy tushunchalar:

Akademik halollik

O'qish va yozma ishlarni bajarishda (testlar, esselar, bitiruv malakaviy ishlari va dissertatsiyalar), oraliq va yakuniy nazoratlar, imtihonlarda savollarga javob berishda, tadqiqot olib borishda, o'z bilimini ifoda etishda, pedagog xodimlar va boshqa xodimlar hamda talabalar bilan munosabatlarda halollikni ifoda etadigan qadriyatlar va tamoyillarning majmui.

Axloq etikasi

Talabalar, tadqiqotchilar, professor-o'qituvchilar va ishchi xodimlari o'z faoliyatining barcha shakllarida halollik, shaxsiy mas'uliyat, ochiqlik va boshqalarning huquqlarini hurmat qilish, professional yondashuv, akademik obro'ni saqlash va boshqa umume'tirof etilgan etika qoidalari va tamoyillarining majmui.

Vijdonlilik

Baholanadigan va baholanmaydigan o'quv hamda ilmiy ishlarni halol, munosib bajarish.

Ochiqlik (shaffoflik)

Talabalar, professor-o'qituvchilar va universitetning boshqa xodimlari o'rtasida oshkoralik hamda o'zaro ishonch asosida ta'lim, ilmiy ma'lumotlar, manbalar, tadqiqot usullari, vositalar, natijalar va g'oyalar almashinuvi.

Huquq va erkinliklarni hurmat qilish

Ijodiy fikr va g'oyalarni erkin ifoda etish huquqi.

Tenglik

Har bir talaba, professor-o'qituvchi, tadqiqotchi va boshqa xodimlarning akademik halollik hamda axloq etikasi qoidalariga rioya qilish va ularning buzilishi uchun teng javobgar bo'lishi.

Manfaatlar to'qnashuvining oldini olish

Talabalar, izlanuvchilar va xodimlarning o'ziga ma'lum bo'lgan, universitet faoliyatiga ziyon yetkazadigan moliyaviy va boshqa xarakterdagi manfaatlar to'qnashuvi haqida tegishli shaxsga xabar berishlari.

Diskriminatsiyaga yo'l qo'ymaslik

Xodimlar, tadqiqotchilar yoki talabalarni jinsi, irqi, etnik kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyi yoki boshqa omillar asosida kamsitishga yoki imtiyozlar belgilashga yo'l qo'yilmasligi.

Ehtiyotkorlik

Beparvolik natijasida xato va kamchiliklarga yo'l qo'ymaslik, o'z ishini hamda tegishli mavzuga oid boshqa ishlarni va ma'lumotlarni lozim darajadagi e'tibor bilan o'rganish, tahlil qilish hamda shakllantirish mas'uliyati.

Sir tutilishi lozim boʻlgan axborot maxfiyligiga rioya etish

Shaxsga doir maʻlumotlar bilan ishlash tartibiga hamda tijorat va xizmat sirlari maxfiyligiga rioya etish.

Akademik muhitda professional xushmuomalalik va madaniyat

Akademik faoliyat va ilmiy tadqiqotlarda oʻzaro suhbat, bahs va munozaralarda professional madaniyatga qatʻiy rioya qilish, xushmuomalalik va etika qoidalarini shaxsiy xarakter va yutuqlardan ustun qoʻyish.

II.Akademik axloqning umumiy asoslari va tamoyillari

4. Universitet jamoasi a'zolari o'zlarining tarixiy meros bo'lib qolgan missiyalarining ahamiyatini tushungan holda quyidagi axloqiy tamoyillarga amal qilishlari kerak:

Akademik erkinlik va mas'uliyat tamoyili

4.1. Universitet jamoasi a'zolari o'z fikrlari va tanqidiy munosabatlarini erkin va ochiq ifoda etishlari, hech qanday cheklovsiz fikr almashishlari, tadqiqot guruhlari tuzishlari, ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlar uchun mavzu va uslublarni, shuningdek, oliy ta'lim maqsadlari va usullarini tanlashlari mumkin ekanligi tushuniladi.

4.2. Universitet jamoasining har bir a'zosi:

4.2.1. Universitetning umumiy manfaatlarini hurmat qilish va uning maqsadlarini amalga oshirishda maksimal darajada yordam berishi;

4.2.2. Qaror qabul qilishda xolislikni saqlashi;

4.2.3. Universitet nomi bilan bog'liq loyihalar, tadqiqotlar yoki testlarni boshlash, amalga oshirish va amalga oshirishga yordam berishda ular va ularning natijalari universitetning umumiy manfaatlariga mos kelishiga ishonch hosil qilishi;

4.2.4. Universitetning o'zini o'zi boshqarish organlari uning shaxsi, oila a'zosi, qarindoshi yoki biznes sherigi bilan bog'liq moliyalashtirish, rag'batlantirish yoki sanksiya qo'llash to'g'risida qarorlar qabul qilganda ovoz berish huquqidan foydalanmasligi;

4.2.5. Universitet nomidan siyosiy, diniy yoki xususiy tijorat faoliyati uchun foydalanmasligi;

4.2.6. Mansab mavqeini suiiste'mol qilish orqali akademik erkinlikni cheklamasligi zarurdir.

Jamoa ichidagi axloqiy munosabatlar tamoyili

4.4. Universitet jamoasi a'zolari o'rtasidagi munosabatlar hurmat, yaxshi niyat va xolislikka asoslanadi.

4.5. Universitet jamoasi a'zolari bir-birlarini yoshi, jinsi, nogironligi, tashqi ko'rinishi, irqi yoki etnik kelib chiqishi, millati, dini yoki e'tiqodi, oilaviy ahvoli bo'yicha kamsitishlarga duchor bo'lmasligi kerak.

4.6. Universitetda shaxsiy maxfiylik himoya qilinadi va shaxs haqidagi shaxsiy ma'lumotlar uning roziligisiz oshkor qilinishi mumkin emas.

Akademik halollik tamoyili

4.8. Akademik halollik tamoyili intellektual mulkni hurmat qilish, jamoat va xususiy manfaatlarni ajratish, adolat, baholashning xolisligiga asoslanadi.

4.9. Akademik halollik tamoyili quyidagilarga ziddir:

4.9.1. Tadqiqot ma'lumotlarini plagiat, qalbakilashtirish yoki qasddan adolatsiz talqin qilish;

4.9.2. Mansab vakolatini suiiste'mol qilgan holda hammualliflikni belgilash;

4.9.3. O'z mansab mavqeini suiiste'mol qilish yoki universitet moddiy resurslaridan shaxsiy maqsadlarda foydalanish;

4.9.4. Adolatsiz raqobat;

4.9.5. Firibgarlik yoki firibgarlikka toqat qilish;

4.9.6. Korrupsiya yoki korrupsiyaga toqat qilish;

4.9.7. Hamma uchun mo'ljallangan ma'lumotlarni yashirish yoki buzish;

4.9.8. O'z xizmat vazifalariga muvofiq bajarilishi kerak bo'lgan xizmat yoki ish uchun bevosita yoki bilvosita sovg'alarni qabul qilish yoki talab qilish;

4.9.9. Taqdim etilgan ish sifati va nomzodning kasbiy xususiyatlariga emas, balki shaxsiy yoki mafkuraviy munosabatlarga asoslangan baholash.

Sodiqlik tamoyili

4.10. Sodiqlik tamoyili kollegiallikka tayanadi.

4.11. Jamoa a'zolari universitetning maqsadlarini amalga oshirishga yordam berishlari kerak.

4.12. Sodiqlik tamoyiliga quyidagilar ziddir: talaba, o'qituvchi yoki xodimni nomaqbul xatti-harakati yoki o'quv intizomini buzganligi sababli kamsitish; noto'g'ri yoki chalgʻituvchi ma'lumotlarni ommaga oshkor qilish; universitet obro'siga putur yetkazish.

III.O'qituvchilar uchun axloq standartlari

5. Ushbu standart shaffoflik, hurmat, xolislik, xayrixohlik, kamsitmaslik tamoyillari asosida quriladi.

6. Professor-o'qituvchilar ushbu Kodeksda sanab o'tilgan tamoyillarga hamda quyidagilarga rioya qilishlari kerak:

6.1. Talabaning akademik baholari yoki jazo choralari to'g'risidagi ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi;

6.2. Talaba haqidagi shaxsiy ma'lumotlardan talabaning roziligisiz o'quv yoki tadqiqot materiali sifatida foydalanmasligi;

6.3. Talabaning jamoatchilik himoyasiga taqdim etilmagan yozma ishi bo'yicha kuzatuv va mulohazalar uchinchi shaxslarga ochiq bo'lmasligiga ishonch hosil qilishi.

7. Talabalarning bilim va ko'nikmalarini baholash adolatli, xolisona bo'lishi kerak va quyidagilar mumkin emas:

7.1. Insofsizlik, ko'chirmachilik, chalgʻitish, ma'lumotlarni soxtalashtirish, imtihon yoki kredit test natijalarini aldash, o'zganing yozma ishini o'zinikidek topshirish;

7.2. O'quvchilarning bilim va ko'nikmalarini faqat eng yuqori yoki faqat eng past baholar bo'yicha baholash;

7.3. Talabalarni baholashni talabaning siyosiy, jamoat yoki boshqa faoliyatidagi ishtiroki yoki shaxsiy yoqtirishlari bilan bog'lash.

8. O'qituvchilarning axloqiy me'yorlari quyidagilarga ziddir: talaba bilan tan olingan axloqiy tamoyillarga zid bo'lgan munosabatlarni boshlash; oila a'zosi yoki yaqin do'stiga nisbatan o'qituvchi rolini o'z zimmasiga olish.

IV.Talabalar uchun axloq standartlari

9. Ushbu standart kollegiallik, do'stonalik, halollik, bag'rikenglik tamoyillariga asoslanadi. Talaba quyidagi majburiyatlarni oladi:

9.1. Boshqalarning qarashlarini hurmat qilish, to'g'ri kuzatish va boshqalarning shaxsiy fazilatlarini bag'rikenglik bilan baholash;

9.2. Boshqa talabalar va universitet jamoasi a'zolari haqidagi maxfiy ma'lumotlarni muhokama qilish va oshkor qilishdan tiyilish;

9.3. Odob-axloq qoidalarini buzgan holda, ichkilikbozlik, giyohvandlik yoki boshqa turdagi noo'rin xatti-harakatlar orqali talabaning nomini kamsitishdan tiyilish;

9.4. Universitetning mol-mulkini saqlash, universitet binosi va hududida belgilangan tartibga rioya qilish;

9.5. O'qituvchi bilan tan olingan axloqiy tamoyillarga zid bo'lgan munosabatlarga kelishdan saqlanish.

10. Akademik halollik va axloq etikasining eng jiddiy buzilishlari:

10.1. Plagiat

Boshqa birovning g'oyalarini o'zinikidek taqdim etish. Iqtibossiz matn keltirish, manbasiz ma'lumot takrorlash.

10.2. Kollokvium

Kredit testi yoki imtihon paytida aldash: ruxsatsiz qog'oz ishlatish, boshqasining ishini topshirish.

10.3. Soxtalashtirish

Baholangan yozma ishni o'zgartirish, imzo yoki hujjatlarni qalbakilashtirish, laboratoriya natijalarini soxtalashtirish.

10.4. Pora berish

Akademik xizmatlar uchun qonuniy tartibda belgilanmagan to'lov taklif qilish yoki berish.

10.5. Boshqa odamga insofsiz akademik harakat qilishda yordam berish: plagiat, aldash yoki soxtalashtirish orqali.

V.Xodimlar uchun axloq standartlari

11. Ushbu standart adolatlilik, tenglik, o'zaro subordinatsiya tamoyillariga asoslanadi.

12. Xodimlar ushbu Kodeksda sanab o'tilgan tamoyillarga hamda quyidagilarga rioya qilishlari kerak:

12.1. Barcha xodimlar o'z faoliyatini amalga oshirishda universitetning uzoq muddatli maqsadlarini yodda tutib, o'z vazifalarini axloqiy va professional tarzda bajarishlari lozim;

12.2. Universitet xodimlari boshqalarga nisbatan zarar, jarohat olib keladigan harakatlar, buzuq xulq-atvor yoki tahdidlar qilishi ta'qiqlanadi;

12.3. Xodimlar ish joyida har qanday psixotrop moddalar, spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarning ta'siri ostida bo'lishi qat'iyan taqiqalanadi;

12.4. O'zaro munosabatlarda sovg'a taqdim etish ta'qiqlanadi. Agar umummilliy bayram yuzasidan bo'lsa, belgilangan miqdorda kamida 3 kishi ishtirokida sovg'a taqdim etiladi;

12.5. Boshqa xodimlar to'g'risida ma'lumotlarni oshkor etish ta'qiqlanadi;

12.6. Xodimlar ish joyida umumiy qo'yilgan talablar asosida kiyinishlari shart;

12.7. O'z faoliyatini lavozim yo'riqnomasi va ichki hujjatlarda belgilangan lavozim vakolatlari doirasida amalga oshirish;

12.8. Normativ-huquqiy hujjat hamda idoraviy hujjatlarda belgilangan cheklashlar va taqiqlarga rioya qilish;

12.9. O'z xizmat vazifalarini vijdonan, yuksak kasbiy darajada bajarish;

12.10. Rahbariyat, yuqori organlarning o'z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari hamda bergan topshiriqlarini o'z vaqtida va sifatli bajarish.

VI.Manfaatlar to'qnashuvi va korrupsiyaga qarshi kurash

13. Universitet professor-o'qituvchisi, ishchi-xodimi yoki talaba o'ziga ma'lum bo'lgan manfaatlar to'qnashuvi yoki korrupsion holatlar to'g'risida iloji boricha tezroq bo'ysinuvidagi rahbariga axborot berishi kerak.

14. Universitet faoliyati bilan bog'liq munosabatlarda pora berish, olish va vositachilik qilish qat'iyan ta'qiqlanadi.

15. Korrupsiyaning nepotism, favoritism, kronizm, shofelik, ta'magirlik kabi ko'rinishlaridan chetda yurish.

16. O'z xizmat vazifalarini bajarishiga to'sqinlik qiluvchi biror-bir shaxsiy, mulkiy va boshqa manfaatlarning ta'siri bilan bog'liq bo'lgan xatti-harakatlarga barham berish.

VII.Yakuniy qoidalar

17

Kodeksning buzilishi ish tartibi qoidalariga muvofiq Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko'rib chiqiladi.

18

Kodeksni buzganlik uchun jazo choralari Odob-axloq komissiyasi tomonidan belgilab beriladi.

19

Kodeksga o'zgartirish yoki qo'shimchalar kiritish Universitet kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

20

Kodeks universitet rasmiy veb-saytida ommaga e'lon qilinadi.

"Akademik halollik kodeksi" bilan tanishib chiqdim, unga rioya qilishni o'z zimmamga olaman.

№F.I.Sh.VaqtiImzo
1.
2.
3.
4.
5.
6.
7.
8.
9.
10.
11.
12.
13.
14.
15.

Strategiyalar bo'yicha birinchi prorektor: Sh.S.Sharipov

Kodeksni PDF ko'rinishida yuklab oling

Rasmiy tasdiqlangan hujjatni yuklab olib, o'zingiz bilan saqlang

PDF yuklash