Asosiy mazmunga oʻtish
⚠️ Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Baʼzi funksiyalar mavjud boʻlmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin. ⚠️ Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Baʼzi funksiyalar mavjud boʻlmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin. ⚠️ Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Baʼzi funksiyalar mavjud boʻlmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
TASDIQLAYMAN — D. Ro'ziyeva

ASMAN UNIVERSITY

ODOB-AXLOQ KODEKSI

Tasdiqlangan: Fevral 2026 yil
Maqom: Amaldagi
10Bob
35Modda
3Toifa
2026Yil
1-bobUmumiy qoidalar
1-moddaUshbu kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar

Ushbu Kodeks ASMAN UNIVERSITY (keyingi o'rinlarda – Universitet) pedagog va boshqa xodimlari, talabalari, doktorantlari kasbiy odob-axloqining tamoyillari, normalari, ta'lim jarayoni va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari bilan bog'liq munosabatlarni tartibga soladi.

2-moddaOdob-axloq kodeksining maqsad va vazifalari

Maqsadlar: umumiy madaniyatni rivojlantirish; zamonaviy imijni shakllantirish; Universitetga hurmat ruhida tarbiyalash. Vazifalar: huquqbuzarlikni oldini olish; salbiy illatlardan himoya qilish; fuqarolarning huquqlarini hurmat qilish ko'nikmasini shakllantirish; vatanparvarlik va ma'naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish.

3-moddaKodeksning amal qilish doirasi

Ushbu Kodeks Universitetning barcha xodim, talaba va doktorantlariga nisbatan tatbiq etiladi.

2-bobKodeksning prinsiplari
4-moddaXulq-atvorning asosiy prinsiplari

Mazkur Kodeks qonuniylik, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari ustuvorligi, vatanparvarlik, xizmat va o'qish burchiga sodiqlik, adolat, halollik va xolislik, samaradorlik va tejamkorlik prinsiplariga asoslanadi.

5-moddaQonuniylik prinsipi

Universitet xodim, talaba va doktorantlari O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga so'zsiz rioya qiladilar hamda o'z xizmat va o'qish majburiyatlarini lavozim yo'riqnomalari va ushbu Kodeks qoidalariga muvofiq bajaradilar.

6-moddaFuqarolar huquqlari ustuvorligi

Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari Universitetning oliy qadriyati bo'lib hisoblanadi. Universitet xodim, talaba va doktorantlari fuqarolar huquqlarining buzilishiga yo'l qo'ymaydilar.

7-moddaVatanparvarlik va sadoqat prinsipi

Xodim, talaba va doktorantlar o'z faoliyatlarini ma'naviy-axloqiy qadriyatlar, Vatanga sadoqat asosida amalga oshiradilar va xizmat burchlarini o'zaro xayrixohlik bilan bajaradilar.

8-moddaAdolat, halollik va xolislik

Universitet xodim, talaba va doktorantlari o'z faoliyatlarida adolatli, halol va xolis bo'lishlari hamda barcha yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu prinsip talablari asosida munosabatda bo'lishlari shart.

9-moddaSamaradorlik va tejamkorlik

Xodim, talaba va doktorantlar o'z faoliyati samaradorligini innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish orqali doimiy ravishda oshirib boradilar va Universiteti mulkiga ehtiyotkorlik bilan yondashadilar.

3-bobKorrupsiyaga qarshi kurashish
10-moddaKorrupsiyaning har qanday shakl va ko'rinishini qabul qilmaslik

Universitet xodim, talaba va doktorantlari korrupsiyaning har qanday shaklini qabul qilmaydilar. Ular korrupsiyaga qarshi kurashishlari, faoliyatlarini oshkora va adolatli amalga oshirishlari, yuqori axloqiy qadriyatlarga sodiq qolgan holda qonun ustuvorligiga qat'iy rioya etishlari shart.

4-bobYurish-turish va rasmiy muloqot talablari
11-moddaKiyinish va tashqi ko'rinish qoidalari

Xodim, talaba va doktorantlar kasbiga mos zamonaviy kiyimda bo'lishlari lozim. Tanani ochiq ko'rsatadigan, haddan ziyod tor kiyimlar; sport kiyimi; pirsing va tatuirovka; ortiqcha makiyaj taqiqlanadi. Erkaklar: oq/havorang ko'ylak, klassik shim, galstuk, to'q rangdagi poyabzal. Ayollar: och rangli bluzka, tizzani yopuvchi yubka, odmi kostyum.

12-moddaMajlis va yig'inlarda ishtirok etish

Tadbirlarda so'zga chiquvchilarga hurmat bilan munosabatda bo'lish shart. Raislik qiluvchining ruxsatisiz luqma tashlash va so'zga chiqish mumkin emas.

13-moddaBinolarda yurish-turish qoidalari

Binolarga kirishda talabalar xodimlarni, erkaklar ayollarni, yoshlar kattalarni o'zlaridan oldin o'tkazib yuborishlari lozim. Har bir shaxs ID-karta orqali turniketlardan o'tishi shart. Yo'lning o'ng tomonidan yurish va bir-biriga salomlashish tavsiya etiladi.

14-moddaRasmiy muloqot me'yorlari

Xodim, talaba va doktorantlar munosabatga kirishganda: Universitet manfaatlarini ko'zlash; haqiqatga to'g'ri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatmaslik; shaxsiy hayot ma'lumotlarini oshkor qilmaslik; xizmat axborotini yetarlilik va ishonchlilik talablariga muvofiq taqdim etish qoidalariga amal qilishlari shart.

15-moddaIsh va o'qish vaqtiga rioya qilish

Xodim, talaba va doktorantlar dars mashg'ulotlari va ishga o'z vaqtida kelishlari, mehnat hamda o'qish intizomiga rioya qilishlari shart.

16-moddaG'ayriaxloqiy xatti-harakatlarni taqiqlash

Qat'iyan taqiqlanadi: huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etish; giyohvand va alkogol moddalar iste'mol qilish; janjallashish va tinchlikka tajovuz; Universiteti mulkiga zarar yetkazish; atrof-muhitni ifloslantirish; behayo materiallarni tarqatish; universitetga tegishli kompyuterlarda noqonuniy materiallar ko'rish va saqlash.

5-bobRahbariyatning majburiyatlari
17-moddaRahbarning majburiyatlari

Rahbariyat xodimlarga nisbatan yuqori professionallik va adolatda o'rnak bo'lishi, ijobiy ma'naviy-psixologik muhit shakllanishiga ko'maklashishi lozim. Rahbar kadrlarni qarindoshlik belgilari bo'yicha tanlashga, guruhbozlik va favoritizmga yo'l qo'ymasligi; manfaatlar to'qnashuvining oldini olishi; korrupsiyaga qarshi choralar ko'rishi shart.

6-bobO'zaro munosabatlar talablari
18-moddaXodim, talaba va doktorantlarning o'zaro munosabatlari

O'zaro munosabatlar milliy qadriyat va an'analar, yagona jamoaviy muhit, o'zaro hurmat, do'stlik, hamjihatlik va adolat tamoyillariga asoslanishi lozim. Inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik, qo'pollik va behayo so'zlar ishlatish qat'iyan man etiladi.

19-moddaPedagog xodim va talabalar munosabatlari

Pedagog xodim auditoriyaga kirganida talabalar o'rinlaridan turib kutib olishlari shart. Pedagog xodimlar talabalarga ta'limni beg'araz amalga oshirishlari, ularni kamsitmasliklar va doimo haqqoniy munosabatda bo'lishlari shart.

20-moddaAkademik ta'qib va tazyiqqa yo'l qo'yilmasligi

Talabaning pedagog xodim tomonidan biron ishga jalb etish so'roviga rad javob berishi, kelgusida talabaga past baho qo'yish yoki boshqa tazyiq bilan bog'liq munosabat ko'rsatilishiga imkon bermaydi. Bunday ta'qib (academic harassment) qattiq qoralanadi.

21-moddaUyali aloqa vositalaridan foydalanish

Dars mashg'ulotlari vaqtida uyali aloqa vositalaridan foydalanish qat'iyan taqiqlanadi. Faqat pedagog xodimning ruxsati bilangina foydalanish mumkin.

22-moddaDars mashg'ulotida ishtirok etish

Talabalarning darsga kech qolib kelishlariga yo'l qo'yilmaydi. Uzrli sababga ko'ra kech qolgan talaba ruxsat bilan kirishi mumkin. Pedagog xodim darsni buzayotgan talabani dekaniyatni xabardor qilib chetlatishi mumkin.

23-moddaDarsdan tashqari vaqtda muloqot

Talaba pedagog xodim bilan muloqot qilmoqchi bo'lsa, maslahat soatlari yoki o'zaro kelishuv bo'yicha belgilangan vaqtda amalga oshirilishi mumkin. Asoslangan sabab mavjud bo'lsa, talabalar pedagog xodimni almashtirish haqida dekanat bilan murojaat qilishlari mumkin.

24-moddaSubordinatsiya

Murojaat qilish muayyan tartib (subordinatsiya tamoyili) asosida, ya'ni bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Universitet rektoriga talabalarning to'g'ridan-to'g'ri murojaat qilish holatlari bundan mustasno.

25-moddaTashabbus va faollik

Xodim, talaba va doktorantlarning universitetda ma'naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, ta'lim sifatini oshirish, innovatsion g'oyalardan foydalanish bo'yicha tashabbus va g'oyalari rag'batlantiriladi.

7-bobOdob-axloqqa oid majburiyatlar
26-moddaUmumiy odob-axloq majburiyatlari

Xodim, talaba va doktorantlar: qonun va Kodeks talablariga rioya etish; Universitet obro'sini saqlash; Universitet mulkiga ehtiyotkorlik; elektr energiyasi va suvni tejamkorona ishlatish; noxush voqealar haqida rahbariyatga xabar berish; shaxsiy va oilaviy muammolarni muhokama qilmaslik; ig'vo va bo'htonlardan saqlanish majburiyatlarini o'z zimmalariga oladilar.

27-moddaTalabalar va xodimlar uchun qo'shimcha talablar

Talabalar: nutq madaniyatini takomillashtirish; yozma ishlarni mustaqil bajarish; darslarni sababsiz o'tkazib yubormaslik; dars vaqtida ovqatlanmaslik va saqich chaynamaslik. Xodimlar: yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash; ta'lim oluvchilarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalash; telefon orqali muloqotda madaniyatga rioya etish.

8-bobRag'batlantirish va chora ko'rish
28-moddaXodim va talabalarni rag'batlantirish

O'quv yili davomida Kodeksga to'la rioya qilgan va Universitetda yuksak ma'naviy-axloqiy muhit qaror topishiga hissa qo'shgan xodim va talabalar belgilangan tartibda moddiy yoki ma'naviy rag'batlantirilishlari mumkin.

29-moddaKodeksga rioya qilishning ahamiyati

Xodimlar tomonidan mazkur Kodeksga rioya etilishi attestatsiyalar o'tkazishda va yuqori lavozimlarga tayinlash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.

30-moddaKodeks qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik

Universitet xodim, talaba va doktoranti tomonidan mazkur Kodeks qoidalarining buzilishi uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo'lib xizmat qiladi.

31-moddaKodeks va ichki tartib-qoidalarning munosabati

Xodim, talaba va doktorantlar mazkur Kodeks qoidalarini buzganida, ularga nisbatan Universitet Ichki tartib qoidalarining VII bobida qayd etilgan choralar qo'llaniladi.

9-bobOdob-axloq komissiyasi
32-moddaOdob-axloq komissiyasi tarkibi va vazifalari

Kodeks normalarining buzilishiga oid masalalar Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko'rib chiqiladi. Komissiya kamida 5 kishidan iborat tarkibda tuziladi. Universitet rektorining ko'rsatmasi bo'yicha, xizmat tekshiruvi natijalariga ko'ra yoki o'z tashabbusi bilan masalalarni ko'rib chiqishi mumkin.

33-moddaOdob-axloq komissiyasi xulosasi

Ko'rib chiqish natijalari bo'yicha intizomiy yoki boshqa tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi to'g'risida xulosa chiqariladi. Komissiya zarur hollarda ogohlantirishdan tortib to intizomiy javobgarlikka tortish taklifi kiritilishi mumkin.

34-moddaJamoatchilik nazorati

Xulq-atvor ustidan jamoatchilik nazoratini ta'minlash maqsadida, Kodeksga rioya etmaganlik holatlari Kasaba uyushmasi qo'mitasi, Xotin-qizlar masalalari bo'yicha maslahat kengashlari va O'zbekiston yoshlar ittifoqida ham muhokama qilinishi mumkin.

10-bobYakuniy qoida
35-moddaKodeksning kuchga kirishi va o'zgartirish kiritish

Mazkur kodeks Universitet Kengashi tomonidan tasdiqlanganidan so'ng kuchga kiradi va unga o'zgartish hamda qo'shimchalar kiritish Universitet Kengashi qaroriga binoan amalga oshiriladi.

ASMAN UNIVERSITY · Odob-Axloq Kodeksi · Fevral 2026 yil

Ushbu hujjat Universitet Kengashi tomonidan tasdiqlangan va qonuniy kuchga ega.