IlmiyBOSHQARUV, SIFAT VA IJTIMOIY TRANSFORMATSIYA
Ayniqsa, ta’limga intiluvchan yoshlarni qamrab olish ko‘lamini oshirish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa ko‘zlangan maqsadlarga erishish yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. “T-5” tamoyili Prezidentimizning 2024-yil 24-maydagi “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida “T-5” tamoyili, ya’ni ta’lim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimni takomillashtirish vazifasi belgilandi. Darhaqiqat, oliy ta’limning mazmuni faqat bilim berish bilan cheklanmay, tarbiyalash, yangi bilim yaratish, uni amaliyotga joriy etish va tizimni muntazam ravishda rivojlantirishni ham qamrab oladi. Yoshlar uchun zamonaviy ta’lim muhiti yaratish, bitiruvchilarni mehnat bozori talablariga to‘liq moslashtirish, mas’uliyatli va jamiyatga foydali shaxslarni tarbiyalash, yangi bilimlar yaratish va muammolarga samarali yechim topish, innovatsiyalarni rivojlantirish hamda ilmiy natijalarni mahsulot va xizmatlarga aylantirish kabi vazifalar Yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir. Ushbu jarayonga Buxoro innovatsiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ham munosib hissa qo‘shmoqda. 2022-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mazkur universitet Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida o‘z nufuzini oshirmoqda. Qisqa muddatda universitetda 400 ga yaqin ish o‘rni ochildi, o‘nlab fan doktorlari yetishib chiqdi, ko‘plab maqolalar nufuzli xalqaro jurnallarda chop etildi. Eng muhimi, 10 mingdan ortiq yoshga oliy ta’lim olish imkoniyati yaratildi. Ular orasida turli sabablarga ko‘ra oliy ta’limdan chetda qolgan, xorijda o‘qish jarayonida qiyinchiliklarga duch kelgan iqtidorli yoshlar ham bor. 2017-yilda mamlakatimizda oliy ta’limga qamrov saviyasi 9 foiz atrofida bo‘lib, arzimas ball yetishmasligi bilan abituriyentni chetga chiqarib qo‘yar edik. Oliy ta’limga kirish masalasidagi muammolar sababli yoshlarimiz xorijga ishga ketar yoki hayotining bir necha yilini abituriyent sifatida o‘tkazardi. Yana bir yomon tomoni, ball yetgani uchun o‘zi istamagan yo‘nalishlarga o‘qishga topshirib, umrini, mablag‘ini bekorga sarflab, baribir shu kasbda ishlamas edi. “Diplom olsa bas, uyog‘i bir gap bo‘lar...” Bugun mamlakatimizda yoshlar ta’lim olishi, umumiy, har tomonlama rivojlanishi uchun barcha sharoit mavjud. Yangi nodavlat oliy ta’lim muassasalari ko‘p yillik tajribaga ega davlat universitetlari bilan sog‘lom raqobatga kirisha boshladi. Lekin son ortishi sifatga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi masalasi bugun kun tartibiga chiqdi. Biroq, yoshlar, hatto farzandining ta’lim olishi uchun pul to‘layotgan ota-onalar endigina maktab ostonasidan chiqqan, o‘zi tanlagan mutaxassisligiga oid kasbiy bilimlar, ko‘nikmalarni egallashga, xorijiy tillar, kompyuter texnologiyalarini o‘zlashtirishga yuksak ehtiyoji bor yoki o‘zi istagan yo‘nalishda hammaslak bo‘ladigan muhitda birga rivojlanishi imkoniyatlarini o‘ylamay, “bolamga sharoit qilib berdim, bu ishlab pul topishi kerak, diplom olsa bas, uyog‘i bir gap bo‘lar” degan vajlar bilan murojaat qiluvchilar ham kam emas. Davlatimiz tomonidan oliy ta’lim olish imkoniyatlari yaratildi, endi hech kim o‘zi tanlagan kasbi qolib, ball kam talab qilinadigan yo‘nalishga topshirishga ham majbur emas. Tanlash imkoniyati keng, superkontrakt to‘lamaydi, to‘g‘ri tanlov qila olsa bas. Endi odamlarimiz bir jihatni chuqur anglashi kerak: ikki tomonlama shartnomada bilim oluvchi pulini to‘laydi, ta’lim muassasasi uni jamiyatimizga kerakli, raqobatbardosh kadr qilib yetkazib chiqarishi kerak. Nomiga diplom emas, ta’lim muassasalaridan sifatli ta’limni talab qilish kerak! Bugungi oliy ta’lim tizimida yana bir jiddiy muammoga duch kelyapmiz. Talabalar sonining ortishi ayrim ta’lim muassasalarining boshqaruv jarayonidagi tajribasizligini ko‘rsatib qo‘ymoqda. O‘ttiz besh yildan ortiq oliy ta’lim tizimidagi tajribam, pedagogika fanlari doktori sifatidagi mas’uliyatim ta’limdagi ayrim jarayonlarni aytishga undadi. Zamonaviy universitet qanday bo‘lishi kerak? Fikrimni o‘zim boshqarayotgan Buxoro innovatsiyalar universiteti misolida to‘ldiraman. Jamiyatga yaxshi bitiruvchi berish uchun, eng avvalo, kuchli jamoani shakllantirish kerak. Shu bois, universitetimizda professor-o‘qituvchilarni ishga qabul qilish tizimi to‘liq raqamlashtirilgan. Vakant lavozimlar bo‘yicha nomzodlar malaka talablari asosida saralanadi, mutaxassisligi bo‘yicha sinov darslari va yakuniy suhbat asosida tanlanadi. Har bir xodim bilan mehnat shartnomasiga “performance agreement” – samaradorlik kelishuvi tuziladi. Universitet maqsadlaridan kelib chiqib, har bir professor-o‘qituvchi va xodim uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) belgilanadi. Bu tizim faoliyat natijalarini obyektiv baholash, ilg‘or tajribalarni rag‘batlantirish va institutsional rivojlanishni tizimli qilish imkonini beradi. “BIU elektron universitet” platformasi ishga tushirilgan. Boshqaruv tizimi va o‘quv jarayoni, axborot-resurs markazi va hujjatlar almashinuvini elektronlashtirishni ta’minlovchi yagona raqamli platforma ishga tushgan. Bu workflow (ish jarayonlari)ni elektron boshqarish imkonini beradi. Sun’iy yo‘ldosh Mo‘ynoq shaharchasidan uchiriladi Buxoro innovatsiyalar universiteti 2030-yilgacha “Universitet 5.0” modeliga to‘liq o‘tishni rejalashtirmoqda. Bu model ta’lim, ilm-fan, innovatsiya, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish va sun’iy intellekt integratsiyasini yaxlit tizim sifatida uyg‘unlashtiradi. Modelning asosiy mohiyati: Universitet 5.0 = ta’lim + ilm-fan + innovatsiya + tijoratlashtirish + sun’iy intellekt. Natijada universitet aql va madaniyat markazi, jamiyat va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlovchi, hududiy va milliy rivojlanishning drayveri sifatida namoyon bo‘ladi. O‘quv muassasamizda ta’lim jarayoni “kompetensiya – amaliyot – raqamli ko‘nikma” modeli asosida quriladi. Yo‘nalishlarda modernizatsiya qilinmoqda. Birinchi navbatda, talabalarga original adabiyotlar o‘qitishga katta e’tibor qaratilmoqda. Talaba kutubxonaga murojaat qilmadimi, demak, o‘qituvchi uni bu yerga yo‘naltira olmagan. Shu bois, guruhlararo, yo‘nalishlararo, universitet miqyosida mutaxassislik fanlaridan original adabiyotlar o‘qish bo‘yicha olimpiadalar, musobaqalar tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada talabalarni rag‘batlantirish tendensiyasi avvalga keladi. Professor-o‘qituvchilarimizga loyiha ishlari, simulyatsiyalar, Blended learning va Flipped classroom texnologiyalari, amaliy fanlararo musobaqalar, mustaqil ta’lim soatlari ulushini oshirish talablari qo‘yiladi. Bularning barchasi tahlil qilib boriladi. Universitetda sun’iy intellekt laboratoriyasi mavjud. Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Eronning nufuzli universitetlaridagi qator olimlar bilan aloqa o‘rnatilgan. Sun’iy intellekt va raqamli innovatsiyalar laboratoriyasi (AI & Digital Innovation Lab) ta’lim, ilm-fan va boshqaruv jarayonida sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish, talabalar va olimlarni amaliy sun’iy intellekt loyihalarida faol ishtirok etishga jalb qilish, universitetning raqamli transformatsiyasini tezlashtirish kabi vazifalarni bajarib kelmoqda. Sun’iy intellekt laboratoriyasiga iqtidorli talabalar tanlab olinib, ular bugun 40 kilometr balandlikka sun’iy yo‘ldosh uchirish uchun “O‘zkosmos” agentligi, Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda katta loyiha ustida ishlamoqda. Ushbu loyiha taqdimoti shu yil iyun oyiga mo‘ljallangan va sun’iy yo‘ldoshning Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq shaharchasidan uchirilishi rejalashtirilgan. Talabalar bilan baholash tizimi LMS (Learning Management System) platformasiga o‘tkazilgan. Bu esa baholashning xolisligi va shaffofligini ta’minlaydi. Universitetning sirtqi bo‘limi talabasi yiliga ikki marta kelib o‘qishidan tashqari, yil davomida keyingi semestr uchun o‘quv rejasida belgilangan fanlarni elektron platforma orqali o‘qib, o‘zlashtirib boradi. 4 million dollar miqdorida investitsiya Bugun universitetimiz dunyoning 50 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasasi bilan akademik, ilmiy va madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Shundan 13 tasi QS World University Rankings TOP-1000 reytingidagi universitetlardir. Hamkor oliy ta’lim muassasalari Buyuk Britaniya, Janubiy Korea, Latviya, Niderlandiya, Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlarning yetakchi muassasalaridir. Jumladan, Indoneziyaning Muhammadiya universiteti bilan 4 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish va tibbiyot yo‘nalishida qo‘shma ta’lim tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Logistika kompaniyasi universitetni kadrlar tayyorlash markazi sifatida tanlab, ingliz tilini yaxshi biladigan talabalarini munosib maosh bilan ishga jalb etmoqda. Shuningdek, Niderlandiyaning Gaaga amaliy fanlar universiteti bilan akademik hamkorlik dasturi amalga oshirilib, o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Niderlandiyada hamkasblarimiz bizda, bizning professorlarimiz Gaaga universitetida dars bermoqda. Ikki yildan beri talabalarimiz oliy ta’lim talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan matematika olimpiadasida faol ishtirok etib, vatanimizga kumush, bronza medallar sovg‘a qilmoqda. O‘nlab talabalarimiz sport musobaqalariga tayyorlanib, jahon chempioni bo‘ldi va kontrakt summasidan chegirma huquqini beruvchi vaucherlar bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, Buxoro innovatsiyalar universiteti uzluksiz ta’lim klasterini tashkil etish bilan bog‘liq o‘ziga xos loyihani amalga oshirmoqda. Ushbu klaster tarkibidagi Buxoro innovatsiyalar akademiyasida o‘quvchilarning chet tillar, tabiiy fanlar, robototexnika, AT va sun’iy intellekt sohasidagi bilimlarini oshirish bilan birga, hunarmandchilik, tikuvchilik, 3D modellashtirish, milliy hunarlar va ijodiy dizayn bo‘yicha amaliy kasb-hunar ko‘nikmalarini shakllantirish nazarda tutilgan. Umuman olganda, universitet strategik maqsadlari, innovatsion boshqaruv tizimi va rivojlanish rejalari bilan O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida munosib o‘ringa ega. Shu o‘rinda qator taklif va tavsiyalarimizni bildirib o‘tmoqchimiz. Sifatli faoliyat yuritayotgan nodavlat universitetlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida davlat dasturining ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Sifat ko‘rsatkichlari, boshqaruv shaffofligi va bitiruvchilarning mehnat bozorida talabgirligi asosida saralangan nodavlat ta’lim muassasalarini manzilli qo‘llab-quvvatlash mexanizmini joriy etish zarur. Bunday dastur laboratoriyalar, raqamli infratuzilma, kutubxona resurslari, startap maydonlari va ilmiy tadqiqotlarni tanlov asosida hamkorlikda moliyalashtirishni nazarda tutadi. Bu yondashuv nodavlat sektorni sifat jihatidan mustahkamlab, uning kadrlar tayyorlashdagi rolini oshiradi. Nodavlat universitetlar kadrlar salohiyatini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratishi kerak. Jumladan, stajirovkalar, qo‘shma ilmiy loyihalar, doktorantura grantlari va pedagogik hamda raqamli kompetensiyalarini oshirish dasturlari muhim. LMS platformalari uchun ilmiy minimal talablarni belgilash taklif etiladi. Bu elektron kurslar, baholash tizimi, analitika, qayta aloqa va ma’lumotlar xavfsizligini qamrab olishi kerak. Ta’limda sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha normativ-metodik bazani yaratish zarur. Bu akademik halollikni ta’minlash va ta’lim samaradorligini oshiradi. Barqaror faoliyat yuritayotgan nodavlat universitetlar uchun yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochishni soddalashtirish maqsadga muvofiq. Bu ularning tezkor rivojlanishida qo‘l keladi. Yangi ta’lim yo‘nalishlarini “ogohlantirish orqali ma’qullash” mexanizmini joriy etish orqali universitetlarga faoliyatini rejalashtirishda qo‘shimcha qulaylik yaratishi mumkin. 40 yillik tajribam asosi Ko‘p yillik tajribamizga asoslanib va ta’lim sifatini oshirishning qanchalik muhimligini anglagan holda, ta’kidlab aytmoqchimizki, ta’lim muassasasining yangiligi yoki xususiy tizimda ishlayotgani unga “xato qilishi mumkin, vaqti bilan tuzatiladi” degan vajlarni bermaydi. Chunki biz bugun ta’lim-tarbiya bergan yoshlar tajribamiz pishguncha qaytib kelib o‘qimaydi, biz ularga bugun diplom beramiz. Yangi universitetlar tajribali kadrlarni jamoaga jalb qilishi kerak. Dunyo tajribasini qo‘llashi, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash pozitsiyasini mustahkamlashi zarur. Vazirlik va idoralar tomonidan universitetlarga nisbatan davlat, nodavlat degan terminologiyadan voz kechish, barchaga bir xil talab, bir xil imkoniyat va universitetlarini rivojlantirish choralari ko‘rilishi kerak.
